RADIOINTERFEROMETR

RADIOINTERFEROMETR [radio…, interfer(yensiya) va metr] — turli fizik kattaliklarni oʻlchashda ishlatiladigan asbob. Ishi radiotoʻlqinlar interferensiyasiga asoslangan. Radioastronomik kuzatishlar uchun moʻljallangan. Bir-biridan maʼlum masofada joylashgan va kabel, toʻlqinoʻtkazgich yoki retranslyatsion aloqa liniyasi bilan bogʻlangan ikki yoki undan ortiq antennadan iborat. Radionurlanish manbaidan chiqayotgan signallarni antenna qabul qilib, umumiy qabul qilgich qurilmaga uzatadi, u yerda signallar qayd qilinadi. Radiointerferometr radionurlanish manbaining koordinatalarini topishda, nurlanishlarning fazoda taksimlanishini va tabiatni oʻrganishda, radiotoʻlqinlarning tarqalishini aniqlashda ishlatiladi. R. Yer sunʼiy yoʻldoshlari, qitʼalararo raketalar, sayyoralararo st-yalar va b. ning harakatini kuzatishda qoʻllanadi.