RADIOASTRONOMIYA

RADIOASTRONOMIYA (radio., va astronomiya) — astronomiyaning kuyosh, yulduzlar, galaktikalar singari osmon jismlarini ulardan nurlanadigan (uzunligi mm ning ulushlaridan bir necha km gacha boʻlgan) radiotoʻlqinlar asosida oʻrganadigan boʻlimi. Quyosh radiotoʻlqinlari toʻgʻrisida fikrlar 19a. dayoq ilgari surilgan va ularni qayd qilishga urinishlar boʻlgan. Faqat 1931-y. K. Yanskiy (AQSH) 14,6 m toʻlqin uzunligida Somon Yoʻli radionurlanishini tasodifan qayd qildi va shu maqsadda parabolik antenna hamda sezgir priyomnikni qoʻlladi. 2-jahon urushi yillarida radiotoʻlqinli aloqaga ehtiyoj sezildi. 1942-y. Quyoshning, 1945-y. Oyning tinch qolatdagi radionurlanishi, 1946-y. esa Oqqush yulduzlar turkumida «diskret» (kichik oʻlchamli) radionurlanish manbai kashf qilindi. Osmon jismlarida roʻy berayotgan fizik hodisalarni oʻrganishda 20-a. 60-y. laridan Radioastronomiyadan keng foydalanilmoqda. Kuzatilayotgan barcha radioastronomik hodisalar fizikaga maʼlum radionurlanish mexanizmlari b-n. Mas, qattiq jism (sayyoralar va Quyosh sistemasidagi kichik jism)lardagi issiqlik nurlanishi; kosmik plazma (Galaktikadagi gaz tumanliklar, Quyosh va yulduzlar atmosferasi) ionlari maydonida issiqlik elektronlarining tormozlanish nurlanishi va b. bilan bogʻliq. Kosmik radionurlanishlar turli xil radioteleskoplar yordamida tekshiriladi. Keng polosali radiometrlarga tutash spektrlar, radiospektrograflarda spektral chiziqlar kuzatiladi. Maxsus radioteleskoplar — radiospektrometrlar, radiopolyarimetrlar yordamida radionurlanishning spektral tarkibi, intensivligi, qutblanishi va b. koʻrsatkichlari oʻrganiladi.