RADIKULIT

RADIKULIT (lot. radicula — ildizcha) — orqa miyaning nerv ildizlari va ulardan ketadigan nerv tolalari kasalligi. Periferik nerv sistemasining eng kup tarqalgan xastaligi. Koʻpincha umurtqa pogʻonasi kasalligi (osteoxondroz) sabab boʻladi. Bunda amortizatsiya rolini oʻynaydigan umurtqalararo disk elastikligini yoʻqotib, moʻrt boʻlib qoladi. Diski oʻzgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yigʻilib, suyak oʻsishi (osteofitlar) kuzatiladi. Oʻsib chiqqan suyak oʻsiqchalari umurtqa orasidan oʻtadigan nerv ildizchalarini qisishi natijasida ogʻriq paydo boʻladi. Radikulit jarohatlar oqibatida, sovqotish (Mas, uzoq vaqt muzday suvda yuvinish, zax joyda oʻtirish va b.), organizm ichdan zaharlanganda, yuqumli kasalliklar asorati sifatida roʻy berishi mumkin.

Zararlangan nerv ildizchalari va nerv tolalari boʻylab ogʻriq paydo boʻlishi va sezuvchanlikning yoʻqolishi, baʼzan harakat buzilishi ham Radikulitga xos alomatlardan hisoblanadi. Radikulit, odatda, birdaniga paydo boʻlib, koʻp hollarda surunkali shaklga oʻtadi va vaqtvaqti bilan qoʻzib turadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganligiga qarab, Radikulit har xil boʻladi. Eng koʻp tarqalgan xili beldumgʻaza Radikulit idir. Bunda beldumgʻaza sohasida hamda quymich nervi boʻylab har xil ogʻriq paydo boʻladi. Ogʻriq qimirlagan paytda kuchayadi, shuning uchun bemor birdaniga qimirlay olmaydi, yurganida esa tanasini oldinga yoki yonga egib oladi, natijada umurtqa pogʻonasining qiyshayishi, orqa muskullarining taranglashishi kuzatiladi. Bemor ogʻriqni kamaytirish uchun oʻrinda oyogʻini bukib, qorniga tortib yotadi. Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, ogʻriq son yuzasida boʻladi. Quymich nervi chiqadigan dumgʻaza boʻlimi ildizchalari koʻproq zararlanishi bilan oʻtadigan beldumgʻaza Radikuliti ishias deb ham yuritiladi.

Ishiasda ogʻriq kuymich nervi boʻylab (dumba, sonning orqa yuzasi, boldir, oyoq panjasiga) tarqaladi. Oyoq sovqotadi, uvushadi, chumoli yurgandek seziladi. Kasal oyoqning muskullari tonusi pasayadi va «soʻlib» qolganga oʻxshaydi, keyinchalik atrofiyaga uchraydi. Quymich nervining tortilishi (odam engashganda, oyoq koʻtarilganda va b. vaziyatlarda) ogʻriqning zoʻrayishiga olib keladi.

Boʻyin-yelka Radikulit ida ogʻriq ensaga, yelkaga, kurakka tarqaladi. Boshni qimirlatganda va atrofga qarab qiyshaytirilganda, qoʻl qimirlatilganda, aksirganda, yoʻtalganda ogʻriq zoʻrayadi. Kasallikning ogʻir shakllarida qoʻl uvushadi, lovullab achishadi va sanchadi, keyinchalik sezish ham oʻzgara borib, sekinasta muskullar kuchsizlanib «ozadi» (atrofiya).

Koʻkrak R. i kam uchraydi. Bunda ogʻriq qovurgʻalar oraligʻida boʻladi va qimirlaganda, chuqur nafas olganda zoʻrayadi.

Radikulit bilan ogʻrigan bemorni nevropatologvrach davolaydi. Davo Radikulitni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratiladi. Radikulitning oldini olishda davo gimnastikasi, fizkultura va har xil sport turlari bilan shugʻullanish (organizmni chiniqtirish) katta ahamiyatga ega.