RADIATSION HIMOYA

RADIATSION HIMOYA, radiatsion xavfsizlik — radioaktiv moddalar va b. ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlaganda xavfsizlikni taʼminlovchi tadbirlar majmui. Radiobiologiya, yadro fizikasi, kosmik biologiya, kosmik tibbiyot va b. fanlar yutuqlariga asoslanadi. Radiatsion himoyaning asosiy maqsadi — biosferaning radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, odam va hayvonlar organizmini (Mas, kosmos sharoitida) zararli nurlanishlardan asrash va h. k. Zararli nurlanishlarning organizmga biologik taʼsiri haqidagi maʼlumotlar Radiatsion himoya yoki radiatsion xavfsizlik meʼyorlarini ishlab chiqish uchun asos boʻladi (q. Dozimetriya). Radioaktiv moddalar bilan ishlaganda yoki ulardan foydalanishda xavfsiz sharoitlarni taʼminlash, avvalo, xodimlarni xavfli nurlanishlar manbai (yadro reaktorlari, gammadefektoskoplar, radioizotop termoelektr generator va b.) taʼsiridan ishonchli himoya qilishdan iborat. Bunga qurilmalarni ekranlash (toʻsish), ish xonasiga kirish uchun labirint (aylanma) yoʻllar hosil qilish, bu manbalar bilan ishlash vaqtini cheklab qoʻyish, radioaktiv chiqindilarni oʻz vaqtida olib ketish va ularga tegishli ishlov berish, yakka (individual) himoya vositalaridan foydalanish va b. tadbirlar orqali erishiladi.

Radiatsion himoyani meʼyoriy jihatdan taʼminlash uchun Radiatsion himoya boʻyicha xalqaro komissiya materiallari asosida radiatsion xavfsizlik meʼyorlari ishlab chiqilgan (1976). Bu hujjatda R. Hning asosiy tamoyillari belgilab qoʻyilgan. Bu meʼyorlarda radioktiv nurlar bilan nurlanishning chegarasi yoʻl qoʻyiladigan qiymatlari va nazorat darajalari, nurlanish dozalari chegaralari, turli nurlanishlarning sifat koeffitsiyentlari belgilab qoʻyilgan. Bu meʼyorlar radioaktiv moddalar bilan ishlovchi barcha shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Agar Radiatsion himoya hga doir chegaraviy meʼyorlar buzilganligi aniqlansa, «Radioaktiv moddalar va b. ionlovchi nurlanishlar bilan ishlashdagi asosiy sanitariya qoidalari»ga muvofiq choralar koʻriladi.