RAVON

RAVON — Fargʻona viloyati Soʻx tumanidagi qishloq, tumanning maʼmuriy markazi. Soʻx daryosining oʻng sohilida joylashgan. Yaqin t. y. stansiyasi — Furqat (62 km). Viloyat markazi (Fargʻona)gacha — 116 km. Aholisi 5,9 ming kishi (2003). Soʻx daryosidan suv oladi. Ravonda tuman hokimiyati binosi, tuman tashkilotlari, umumiy taʼlim maktablari, litsey, dehqon bozori, madaniyat saroyi, markaziy stadion, markaziy kasalxona bor. Madaniy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Soʻx tumani telestudiyasi, «Sadoi Soʻx» gaz. taxririyati faoliyat kursatadi.