RAVNAQ

RAVNAQ Pahlavonquli (1725— Xorazm — 1805) — shoir. Xivadagi Shergʻozixon madrasasida oʻqigan. Dastlab Xiva xoni Abulgʻozi Soniy (1742— 47) ni maqtab sheʼrlar yozgan. 1768-y. da taxtga oʻtirgan Gʻoyibxon taʼqibidan qochib, bir necha yil sarson-sargardonlikda yurgan. Soʻng Xiva madrasalaridan birining hujrasida faqirlikda hayot kechirgan. Oʻzbek, fors va arab tillarida, asosan, lirik janrlarda ijod qilgan. Yagona qoʻlyozma devoni bizgacha yetib kelgan. U 286 sheʼr — 5251 misra: 258 gʻazal, 22 muxammas, 5 qasida va 1 mustazoddan iborat. Sheʼrlarining asosiy mavzui insonga va ijtimoiy hayotga munosabat masalalaridir. Ravnaq gʻazal janrini tematik jihatdan boyitgan. Gʻazallarida insoniy ishq-muhabbatni, tabiat va hayot goʻzalliklarini madh etish bilan birga davr va taqdirdan, zamona nosozliklaridan shikoyat qilgan. Navoiy (14 ta), Fuzuliy (3 ta), Mashrab, Xurramiy va b. ning gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Ravnaq qasidalari anʼanaviy uslubdan farq qilib, muayyan shaxs yoki voqeaga emas, shoir yashab turgan ijtimoiy hayotga bagʻishlangan, ularda amaldorlar insofga chaqirilgan («Muncha javring degil…» va b.). R. sheʼrlari gʻoyaviy va badiiy jihatdan qimmatli. «Devoni Ravnaq» nomli qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida saqlanadi (inv. №922).

Ad.: Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j. li], 3j., T., 1978.