RAVEL

RAVEL (Ravel) Moris Jozef (1875.7.3, Fransiyadagi Sibur sh. — 1937.28.12, Parij) — fransuz kompozitori. Parij konservatoriyasini tugatgan (1905). Ijodida dastlab musiqiy impressionizm, 1917-y. dan neoklassitsizm tamoyillarini rivojlantirgan. Asarlari koloritining boyligi, shakl va ritmlar ravshanligi, mavzular xalq (ayniqsa, ispan) kuylariga yaqinligi b-n ajralib turadi. «Suv oʻyini», «Aks tasvirlar», «Kechki Gaspar» (1905—08) asarlarida yangi fortepiano uslubini kashf etgan. Raqs kuylariga izchil murojaat qilib xoreografik simfoniya («Dafnis va Xloya» baleti, 1911), xoreografik poema («Vals», simfonik orkestr uchun, 1920) janrlarini yaratgan. 2 opera, 3 balet, 2 fortepiano konserti, simfonik, vokalsimfonik va kamer asarlar muallifi. «Bolero» (1928) fransuz simfonizmi choʻqqisidir. Uning musiqasi asosida Navoiy teatrida balet sahnallashtirilgan (1960). Ravel anʼanalari Oʻzbekiston kompozitorlari (A. Kozlovskiy, G. Mushel va b.) ijodiga katta taʼsir etgan, S. Karimxoʻjayev «Ravel xotirasiga» nomli xoreografik poema (1974) yaratgan.