QOʻSHBEGI

QOʻSHBEGI — tarixiy atama; 1) qoʻsh, yaʼni harbiy qarorgoh va lagerning boshligʻi;

2) Buxoro amirli-gitsa mangʻitlar sulolasi davrida bosh vazir, amirdan keyingi oliy mansab. Qoʻshbegiga barcha viloyatlar va bekliklarning hokimlari, beklari boʻysungan hamda amirning poytaxtda boʻlmagan paytida u amirlikning barcha ishlarini boshqargan. Shuningdek, Q. Buxoro atrofidagi 11 ta tumanni (hoz. Buxoro viloyatini) amir nomidan idora qilgan.

Buxoro amirligida Qoʻshbegilar 2 ta boʻlgan: «qoʻshbegiyi bolo» (yuqori Qoʻshbegi) va «qoʻshbegiyi poyon» (quyi Qoʻshbegi). Qoʻshbegiyi bolo arkda, yaʼni baland qoʻrgʻonda yashagan va saroy ishlarida yetakchi mavqeni egallagan. U doimiy ravishda arkda amir bilan muloqotda boʻlib turgan. Qoʻshbegiyi poyon — bosh zakotchi esa ark quyisidagi hovlilardan birida yashab, amirlik hududidagi butun soliq ishlarini nazorat qilib turgan. Mamlakatda favqulodda vaziyat yuz bersa yoki urushlar boshlansa har 2 lavozim birlashtirilib, «kulli Qoʻshbegi» («kull» arabcha soʻz boʻlib, «barcha» degan maʼnoni bildirgan) lavozimi joriy qilingan. Kulli Qoʻshbegi amirlikda butun hukumat ishlarini oʻz qoʻlida toʻplagan va shoshilinch qarorlar qabul qilgan.

Buxoro amirligida Ostonaqul qoʻshbegi, Nasrullo qoʻshbegi kabi katta nufuzga ega Qoʻshbegilar oʻtgan.

Ad.: Vohidov Sh.. Qoʻqon xonligi va buxoro amirligida unvon va mansablar, T., 1996.