QOVOQDOSHLAR

QOVOQDOSHLAR — ikki urugʻpallali oʻsimliklar oilasi. Bir yillik va koʻp yillik oʻrmalabyoki ilashib oʻsuvchi, bir yoki ikki uyli oʻsimliklar. Bitta turkumi daraxtsimon. Barglari oddiy, navbatlashib oʻrnashgan, baʼzan boʻlaklarga boʻlingan yoki oʻyilgan. Yonbargchalari boʻlmaydi. Gullari barg qoʻltigʻida bittadan yoki toʻp boʻlib joylashadi, bir jinsli, koʻpincha tutash tojbargli. Mevasi rezavor yoki qovoq (tashqi qavati qattiq, dagʻal, ichi etli sersuv, serurugʻ), 100 ga yaqin turkumi, 900 turi koʻpincha tropik va subtropiklarda oʻsadi. Koʻp turlarining mevasi ovqatga ishlatiladi. Shu sababdan bir qancha turlari (bodring, qovun, qovoq, tarrak, tarvuz va b.) hamma qitʼalarda palakli ekin sifatida qadimdan ekiladi. Ayrim turlari (abujahl tarvuzi, sirtan) dorivor, manzarali turlari (eshakbodring, pechakqovun va b.) ham bor.