QUSTIRUVCHI DORILAR

QUSTIRUVCHI DORILAR — qustirish xususiyatiga ega boʻlgan dori vositalari. Qustiruvchi dorilardan boshqa dorilar ham nojoʻya taʼsir koʻrsatib qustirishi mumkin.

Qustiruvchi dorilar taʼsir mexanizmiga koʻra markaziy va reflektor taʼsir qiladigan xillarga ajratiladi: birinchi guruhga uzunchoq miyaning toʻrtinchi qorinchasi tubida joylashgan qustirish markazi trigger zonasi xemoretseptorlarini qoʻzgʻatib qustiradigan vositalar — apomorfin gidroxlorid, naperstyanka (angishvonagul) preparatlari va morfin kiradi.

Ikkinchi guruh Qustiruvchi dorilarga meʼdaning pilorik qismi va oʻn ikki barmoq ichak shilliq qavatida adashgan nerv afferent tolalar uchlariga qoʻzgʻatuvchi taʼsir koʻrsatuvchi vositalar kiradi. Hosil boʻlgan impulslar qustirish markaziga yetib borib, uni qoʻzgʻatadi. Bularning tanlab qustiruvchi taʼsiri asosan, meʼda-ichak yoʻlidan yomon soʻriladigan yoki soʻrilmaydigan Qustiruvchi dorilarda namoyon boʻladi.

Qayt qilish markazi va meʼda shilliq pardasidagi sezuvchi nerv uchlariga reflektor taʼsir qiluvchi Qustiruvchi dorilarga ipekakuana ildizi dorivor preparati — emetin hamda bir qator oʻsimliklar tarkibiga kiruvchi saponinlar, shuningdek, ammiak, ogʻir metall tuzlari preparatlari va b. kiradi.

Qustiruvchi dorilar taʼsirida asosan soʻlak sekretsiyasi va bronxial shilliq ajralib chiqishi ortadi, koʻp terlash, nafas olish va qon aylanishi oʻzgaradi, koʻngil aynishiga xos dastlabki belgilar kuzatilib, qusish xurujlari yuzaga keladi. Reflektor Qustiruvchi dorilarda ushbu bosqich markaziy taʼsir qiladiganlariga (apomor-fin) koʻra davomliroq taʼsir etadi.

Qustiruvchi dorilar juda zarur hollardagina, yaʼni oʻtkir zaharlanish, meʼdani yuvishni iloji boʻlmaganida, surunkali alko-golizmni davolashda shifokor nazo-rati ostidagina qoʻllaniladi. Bunda, asosan, apomorfin va emetindan foydalaniladi.

Hushsiz yotgan bemorlarga Qustiruvchi dorilar qoʻllanilmaydi, chunki qusuq moddalari nafas yoʻllariga ketib qolib, asfiksiyaga sabab boʻladi.