QUSISH

QUSISH, qayt qilish — meʼda, diafragma, qorin devori va b. musqullarning spazmatik qisqarishi natijasida meʼda ichidagi narsalarning gʻayriixtiyoriy ravishda ogʻizdan tashqariga chiqarilishi. Meʼda va ichki aʼzolar, markaziy hamda periferik nerv sistemasining taʼsirlanishi (mas, zaharlanganda) yoki kasalligi oqibatida roʻy beradi. Qusish meʼda shilliq qavatining taʼsirlanishiga nisbatan organizmning himoya — moslanish reaksiyasi boʻlib, koʻpincha yutib yuborilgan yot jismlar, sifatsiz ovqat va turli zaharli moddalar taʼsirida sodir boʻladi. Qusish tufayli organizm zararli, baʼzan hatto hayot uchun xavfli moddalardan xalos boʻladi. Meʼdaning baʼzi kasalliklari (mas, yara kasalligi, gastrit)da Qusishdan oldin koʻngil ayniydi, odatda Qusishdan soʻng bemor oʻzini yengil his qiladi. Qusish yurak, oʻt pufagi, appendiks (chuvalchangsimon oʻsimta), buyrak va b. aʼzolar funksiyasi izdan chiqqanda meʼdaga reflektor taʼsir etishi natijasida ham paydo boʻlishi mumkin. Qusish bosh miya va uning pardalari kasalliklari (meningoensefalit, bosh miya oʻsmalari va shikastlanishlari), miyada qon aylanishining buzilishi belgisi boʻlishi, shuningdek, emotsi-onal buzilishlar tufayli (mas, baʼzi bir noxush taomlar, qon, qusuq massalari va h. k. ni koʻrganda) yuzaga kelishi ham mumkin. Homiladorlarning qusishi koʻpincha homiladorlik toksikozlarining alomati boʻladi.

Qusish vaqtida, ayniqsa, ogʻir va hush-siz yotgan bemorlarga koʻz-quloq boʻlib turish kerak, chunki bunday hollarda qusuq nafas yoʻllariga tushib, bemor boʻgʻilib qolishi, oʻpkasi yalligʻlanishi mumkin. Qayt qilayotgan bemorni oʻtqazib qoʻyish yoki boshini pastga qilib, yonboshi bilan yotqizish lozim. Agar bemor yotgan boʻlsa, uning boshini yon tomonga qaratib, qusib boʻlguncha shu holatda ushlab turish kerak, qusib boʻlgach esa uning ogʻzini chaydirish, madorsiz bemorlar ogʻzini hoʻl tampon bilan tozalab olish lozim. Qusuq tarkibida qon boʻlsa darhol vrach chaqirish zarur. Qusish isteʼmol qilingan oziq-ovqat yoki dori vositalariga aloqador boʻlsa, ularni qoʻllamaslik kerak. Agar Qusish sababsiz roʻy bersa, vrachga murojaat qilib, Qusishda yuz bergan holatni taf-sillash hamda qusuq massasini vrachga koʻrsatish talab etiladi, chunki uning tashqi koʻrinishi, tarkibi va b. qusish sabablarini aniqlashga yordam beradi. Bolalarda Qusish kattalarga nisbatan koʻproq kuzatiladi. Qusishning barcha hollarida tezlik bilan vrachga murojaat qilish kerak. Faqat tibbiy tekshirishlargina q. sabablarini aniqlash va uni oʻz vaqtida oldini olish hamda davolash imkonini beradi.