QOSIMOV

QOSIMOV Orif (1909 – Toshkent — 2001.19.2) — sozanda (dutor), bastakor. Oʻzbekiston xalqartisti (1979). Bolaligidan Yunus Rajabiy rah-barligidagi musiqa toʻgaragida nay chalishni (1925), Toshkent musiqa texnikumida (1926 — 27) Abdusoat Vahobovdan anʼanaviy dutor kuylarini va Shorahim Shoumarovdan mumtoz ashula yoʻllarini oʻrgangan. Oʻzbekiston radiosida milliy musiqa ansambli (1927—45), tojik ansambli (1945 — 53), xalq cholgʻulari orkestri (1953 — 57), «Maqom» ansambli (1957-y. dan) da sozanda. Dastlab repertuaridan oʻzbek xalq va mumtoz kuylari («Girya», «Chorgoh», «Eshvoy», «Ilgʻor». «Qoʻqoncha», «Askariy», «Qarinavo», «Dilxiroj» va b.), maqom yoʻllari («Tasnifi Dugoh», «Garduni Segoh». «Miskin 1-5», «Navroʻzi Ajam» va b.) hamda oʻzi yaratgan kuylar («Qizil karvon», «Yurish marshi», «Raqsi duxtar», «Rezareza») oʻrin olgan. keyinchalik, bevosita dutor imkoniyatlari bilan bogʻliq «Yangra sozim». «Dildor oʻynasin», «Qizlar raqsi», «Xumoringiz», «Chert dutorim» kabi asarlar yaratgan.

Qosimov zamonaviy dutor ijrochiligi maktabi yirik vakili boʻlib, ijro uslubi nozik qochirimlarga boyligi. zarblarning xilma-xilligi va ravonligi, ijro texnikasi mukammalligi bilan ajralib turadi. Sozandalik va bastakorlik ijoliyoti bilan birga Qosimov 1930-y. dan boshlab murabbiylik bilan ham shugʻullangan. bir necha havaskorlik ansambllariga rahbarlik qilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).