QORAKOʻL TUMANI

QORAKOʻL TUMANI — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Shim. va shim.-sharqdan Jondor tumani, jan.-sharqdan Olot tumani, jan. va gʻarbdan Turkmanistonning Lebap viloyati, shim.-gʻarbdan Romitan tumani bilan chegaradosh. Mayd. 9,84 ming km2. Aholisi 125 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qorakoʻl), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Bandboshi, Jigʻachi, Ziyorat, Oxunboboyev, Sayot, Chovli, Yangibozor, Qozon, qorakoʻl, Qoraun, Qorahoji) bor. Markazi — Qorakoʻl sh.

Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining quyi qismida, viloyatning jan. dagi Qorakoʻl vohasida joylashgan. Sharqiy qismi 200—300 m dan baland boʻlmagan qirlar, shim. va shim.gʻarbiy qismi Qizilqum choʻli, Qorakoʻl va Mohonkoʻl vohalari bilan band. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproqlar. Qorakoʻl va Mohondaryoning quruq oʻzani oʻtloqi boʻz, qumoq boʻz tuproqlar, allyuvial yotqiziqlardan iborat. Botiqlarda shoʻrxoklar, tuzli massivlar (Zamontov) bor, gʻarbiy qismini taqir, qum dyunalari va barxanlar egallagan. Iqlimi keskin kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 1,8°, eng past t-ra —33°, iyulning oʻrtacha t-rasi 28,5°, eng yuqori t-ra 45,3°. Vegetatsiya davri 213 kun. Yillik yogʻin 100—150 mm, koʻp qismi bahor va qishda yogʻadi. Yovvoyi oʻsimliklardan efemer va efemeroidlar, boyalich, kovrak, shoʻra, shuvoq, isiriq, qandim, yaltirbosh, rang, sak-sovul va yulgʻun oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, echkemar, qobon, tulki, qoʻshoyoq, toshbaqa, qum boʻgʻma iloni, charxilon va b. yashaydi. Qushlardan qargʻa, toʻrgʻay, tuvaloq, hakka, musicha, chugʻurchiq uchraydi. Yovvoyi hayvonlar muhofaza qilinadigan qoʻriqxona bor. Ekin maydonlari Amu-Qorakoʻl mashina nasos st-yasidan sugʻoriladi. Zarafshon daryosining quyi oqimi — Qoraqoʻddaryo, asosan, yer osti suvlarini oqizuvchi kollektor vazifasini bajaradi. Foydali qazilmalardan gil, qumtosh, shagʻal, tuz, neft va gaz bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, turkman, tatar, rus, qozoq va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 12,7 kishi. Shahar aholisi 20,9 ming kishi, qishloq aholisi 104,1 ming kishi (2005).

Xoʻjaligi. Tumanda paxta tozalash, gʻisht z-dlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, neft bazasi, don mahsulotlari aksiyadorlik jamiyati, dehqon bozori ishlab turibdi. Kichik, oʻrta va yirik biznes korxonalari, mikrofirmalar, «Qorakoʻlteks» qoʻshma korxonasi faoliyat koʻrsatadi.

Qorakoʻl tumanining asosiy tarmogʻi paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, polizchilik. Pillachilik ham rivojlangan. Shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari mavjud. Sugʻoriladigan maydonlarga paxta, gʻalla, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor, tutzorlar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda, shuningdek, tuya boqiladi.

Qorakoʻl tumani tla 49 umumiy taʼlim maktabi, bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kollejlari, tuman markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi bor. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, tugʻruqxona, qishloq vrachlik, felsher-akusherlik punktlari, ambulatoriyalar, dorixonalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Qorakoʻl tumani orqali xalqaro t. y. va avtomobil yoʻllari oʻtgan. Tuman markazi bilan qishloqlar orasida hamda Buxoro va Qorakoʻl sh. lari oʻrtasida avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.

1931-y. dan «Qorakoʻlteks sadosi» tuman gaz. chop etiladi (adadi 1125).

Isroil Nazarov, Umar Rashidov.