QORAKURMAK

QORAKURMAK, shamak — boshoqdoshlarga mansub bir yillik begona oʻt. Poyasi havol, boʻyi 100 sm cha. Bargi nashtarsimon, chetlari gʻidirish, oʻtkir qirrali, barg plastinkasi oʻrtasidan yoʻgon tomir oʻtadi. Toʻpguli — roʻvak. Pishib yetilgan boshoqlari oson toʻkiladi. Mevasi uchi oʻtkirlashgan ellipssimon doncha. Kuzda tuproqqa toʻkilib, qishlab chiqqan doni bahorda kechroq, yuqori t-rada una boshlaydi. 1 sm dan ortiq chuqurlikka tushgan Qorakurmak urugʻining unuvchanligi keskin kamayadi. Qorakurmak iyuldan kech kuzga qadar gullab, mevalaydi. asosan urugʻidan koʻpayadi. Bir oʻsimlik tuplanish darajasiga qarab 5 — 13 mingga yaqin urugʻ beradi. Barcha sugʻoriladigan dehqonchilik maydonlarida uchraydi.

Kurash choralari: kuzgi shudgor, almashlab ekish, ekin agrotexnikasini sifatli oʻtkazish. Paxta dalalariga gerbitsidlardan treflan, kotoran, prometrin preparatlarining suvli suspenziyasini ekish vaqtida lenta usulida yerga sepish.