QORAKAMAR

QORAKAMAR — Surxondaryo viloyatidagi Kalif-Sherobod qator tepaliklarida joylashgan tosh davri makoni. 1875-y. da N. A. Mayev tomonidan tekshirilgan. Qorakamarning 3 ta gʻoridan odamlar, otlar va itlarning qoʻpol chizilgan tasviri topilgan. N. A. Mayevning taxminicha, bu tasvirlar choʻponlar tomonidan chizilgan. Keyinchalik 1940-y. da Surxondaryo viloyati oʻlkashunoslik muzeyi (rahbari G. V. Parfenov) tomonidan tekshirilgan. Tekshirishlar natijasida bu yerda budda monastiri boʻlgani, u Eski Termizdagi Qoratepaga oʻxshash ekanligi aniqlangan. 1987—88 y. larda Oʻzbekiston sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi va Surxondaryo viloyati oʻlkashunoslik muzeyi tomonidan mukammal tekshirilgan. Qorakamar gʻor majmuasi P shaklidagi may-dondan (55×36) iborat, bir tomoni ochiq, qolgan tomonlari tuproq bilan oʻralgan, unda 2 yarus (qavat)da gʻorlar joylashgan. Pastki qavatda 3 ta gʻor (uz. 10—12 m, kengligi 4—6 m, bal. 4 m yaqin). 2-qavatda uncha katta boʻlmagan sunʼiy gʻorlar joylashgan. Unda hayvonlar, yaʼni 2 oʻrkachli tuyalar, qush, inson kafti, qilichlar, maxsus belgi — tamgʻa, devorga yozilgan 12, 15, 16-a. larga oid arab yozuvlari bor. Q. da baqtriy, yunon va rim yozuvlari ham topilgan.