QORABOʻGʻOZ-GOʻL

QORABOʻGʻOZ-GOʻL — Turkmanistonning gʻarbidagi shoʻr koʻl; 1980-y. gacha Kaspiy dengizining sharqiy qirgʻogʻidagi qoʻltiq (laguna). Dengizdan tor (eni 200 m gacha), uz. 11 km boʻlgan Qoraboʻgʻoz-Goʻl boʻgʻozi orqali ajralib turgan. 1980-y. da Kaspiy dengizining suv sathini saqlab turish uchun qoʻltiq damba bilan butunlay bekitib tashlandi. Suv sathi Kaspiy dengizining suv sathiga nisbatan 4,5 m past boʻlganligi sababli dengizdan qoʻltiqqa 1m/sek. (boʻgʻozning ayrim joylarida 3 m/sek.) tezlikda doimo suv oqib turgan. Qoʻltiq dengizdan ajratilgach, suvning bugʻlanishi katta boʻlganligi uchun koʻl tezda quriy boshladi, shoʻrligi 310%o dan ham ortib namakobga aylanadi. Koʻlni butunlay qurishdan saqlab qolish maqsadida 1984-y. da dengiz bilan koʻl oʻrtasida suv oʻtkazish inshooti qurildi. Qazilma eritmalardan Q.-G. tuz qatlamlari orasidan mirabilit olinadi. Sulfat qazib olinadi va qayta ishlanadi.