QORABUZOV

QORABUZOV, kichik qoravoy — kurakoyoqlilar turkumining qoravoylar oilasiga mansub qush. Jan. Yevropa, Kichik va Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonda ham tekislikdagi suv havzalarida uchraydi. Dengiz va chuchuk suvli havzalarning orollarida, qamishzor va daraxtzor qirgʻoqlarida yashaydi. Suvda yaxshi suzadi va shoʻngʻiydi. 3—5 yoshida voyaga yetadi. Uyasini koloniya boʻlib qamishlar, oʻtlar orasiga, daraxtlarga quradi. Mart — aprel oylarida 4—6 ta tuxum qoʻyib, 28—29 kun bosadi. Bolalari iyun — iyul oylarida mustaqil hayot kechirishga layoqatli boʻladi. Faqat baliqlar bilan oziqlanadi. Havza baliqchilik xoʻjaliklariga zarar keltiradi. Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil roʻyxatiga va Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.