QORA QOʻYUNLILAR DAVLATI

QORA QOʻYUNLILAR DAVLATI — oʻrta asrlarda Ozarbayjon va Gʻarbiy Erondagi davlat (1410—68). Bahorlu qabilasi yetakchiligida koʻchmanchi turkoʻgʻuz qabilalari birlashmasi tomonidan barpo etilgan. Bu qabilalar dastlab (14-a.) Van koʻlining sharqiy hududida yashaganlar. Amir Temur Gʻarbiy Osiyoga harbiy yurish qilganida qora qoʻyunlilar (qora qoʻylilar) qabilalari Sohibqiron va uning ittifoqchisi oq qoʻyunlilarta. qarshi kurashganlar. Qora qoʻyunlilar Usmoniylar va Jaloyiriylar davlatini qoʻllab-quvvatlashgan. Amir Temur vafotidan soʻng qora qoʻyunlilar sardori Qora Yusuf jaloyiriylarga Mironshohni yengishda yordam bergan (1408), biroq keyinchalik Jaloyiriylar bilan nizolashib, ular qoʻshinini Tabriz yaqinida tor-mor keltirgan (1410), Ozarbayjon (Kura daryosining jan. dagi yerlar), Iroq, Armanistonni egallab olgan. Qora Yusuf (1410—20) va Iskandar (1420—37) davrida Qora qoʻyunlilar davlati temuriylar, shirvonshohlar va Gruziya bilan urushlar olib borgan. 1435-y. Shohrux shirvonshoh bilan birgalikda Qora qoʻyunlilar davlati qoʻshinini tor-mor keltirgan. temuriylarga tobelikni tan olishga majbur boʻlgan Jahonshoh (1437—67) taxtga oʻtqazilgan. Shohrux vafotidan soʻng (1447) Jahonshoh oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan. 1453—57 y. larda qora qoʻyunlilar Gʻarbiy Eronni bosib olishgan. 1467-y. Jahonshoh qoʻshini oq qoʻtonlilar tomonidan tor-mor keltirilgan, Jahonshoh oʻldirilgan. 1468-y. Q. q. d. hududi Oq qoʻyunlilar davlati tarkibiga qoʻshib olingan.