QORA YUSUF

QORA YUSUF (? – 1420.13.11, Ujon) — Qora qoʻyunli turkman qabilasi amiri Qoramuhammad turkmanning oʻgʻli. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafar-noma» asarida qayd etilishicha, Amir Temur Gʻarbiy yurishlari chogʻida Qora Yusufning hajga boruvchilar va savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etganini bilgach, uni qattiq taʼqib ostiga oladi. Qora Yusuf Amir Temurga qarshi Iroq hokimi Ahmad Jaloyir bilan ittifoq tuzadi, biroq ular Sohibqiron hujumiga dosh berolmay Misr va Rum sultonlaridan panoh izlaydilar. Amir Temur vafotidan soʻng, Q. Yu. Tabrizga qaytadi va tez orada oʻzini tiklab Temuriylar saltanatiga xavf tugʻdira boshlaydi.

1408-y. 13 apr. da Tabriz yaqinidagi Shanbi Gʻozonda mirzo Abubakr ibn Mironshoh bilan Qora Yusuf oʻrtasida qattiq jang boʻladi va Qora Yusuf lashkari gʻolib keladi, Mironshoh mirzo shu jangda halok boʻladi.

Shundan soʻng Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Arron, Mugʻon, Diyorbakr, Iroqi Arabdan iborat hududlar uning hukmi doirasiga oʻtadi va Q. Yu. Temuriylarga qarashli Sultoniyaga daʼvogarlik qiladi. Shohrux mazkur xavfni bartaraf etish va akasi Mironshoh oʻlimi uchun ham qasos olish maqsadida katta lashkar bilan Qora Yusuf ustiga yurish boshlaydi. U Rayga yetib borganida Qora Yusufning Ujonda oʻlgani haqida xabar keladi.

Qora Yusuf vafotidan soʻng, uning oʻgʻillaridan amir Iskandar Temuriylar saltanatiga tajovuz qilgan. Shohrux uning ustiga katta lashkar tortib 1429-y. 17—18 sent. da Salmos yaqinidagi shiddatli jangda amir Iskandar lashkarini tor-mor etgan.