QORA KORINKA

QORA KORINKA, Passerina nero, Panariti — ertapishar mayda gʻujumli urugʻsiz uzum navi. Vatani — Gretsiya. Italiya, Angliya, AQSH (Kaliforniya), Avstraliya, shu jumladan, Oʻzbekistonda (kolleksion tokzorlarda) tarqalgan. Qora dengiz havzasi ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. Bargi oʻrtacha, 3—5 boʻlmali, orqasida oqish tuklari bor. Guli ikki jinsli. Uzum boshi oʻrtacha, shakli silindrsimon (boʻyi 10— 12 sm), gʻujump mayda (diametri 12—13 mm), rangi binafsha-qizil, mumgʻubor bilan qoplangan. Tarkibida qand miqdori 22-26%, nordonligi 5,5 — 7%. Eti shirin, poʻsti yupqa, Toshkent viloyati sharoitida kurtaklari boʻrtganidan keyin 118 kunda — avg. boshida pishib yetiladi. Sovuqqa chidami oʻrtacha. Hosildorligi 100 s/ga. Yuqori sifatli, qandolatchilik sanoatida koʻp ishlatiladigan xushboʻy «Korinka» mayizi, vinolar tayyorlanadi.