QOLIP

QOLIP — 1) amaliy sanʼatda — bezak naqshni quyib (terib), bosib yasash uchun ishlatiladigan maxsus shakldagi moslama; andaza. Oʻyma gulli Qolip ip matoga gul bosishda ishlatiladi; jez quyishda ishlatiladigan yogʻoch yoki ganch shakl; zargarning ziynat buyumlar yuzasida bezak yaratishda qoʻllaydigan gul Qolip, gʻisht Q. — xom gʻisht quyadigan yogʻoch moslama; ganch bezak quyishda, koshin parchinlardan terib tayyorlanadigan bezak. Qolip zargarlik, pichoqchilik, doʻppidoʻzlik, poyabzalchilik, chitgarlik va b. da ishlatiladi;

2) buyumlarga shakl yoki ishlov berish uchun foydalaniladigan moslama. Metallar va plastmassalardan quyib yoki boshqa materiallar (mas, yogʻoch) dan kesib yasaladi. Tayyorlanadigan asbob yoki buyumlar turiga koʻra shakli va oʻlchamlari turlicha boʻladi. Qozon, gʻisht, tish Q. lari va b. bor;

3) quymachilik korxonalarida plastmassa va metall quyish uchun ishlatiladigan moslama. Undan bir yoki koʻp marta foydalanish mumkin. Qolip kvars qumi, bentonit, loy, metall va b. dan tayyorlanadi.