QOZOQTOV

QOZOQTOV — Qizilqumning jan.-sharqiy qismi (Navoiy viloyati) dagi togʻ tizmasi. Shim.-gʻarbdan jan.sharqqa 60 km ga choʻzilgan. Eng baland joyi 613 m. Gʻarbida Qoraxotin botigʻy, shim., sharqiy va jan. qismlarida qumli massivlar bor. Tizmaning suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlari nurash natijasida vujudga kelgan elyuviy va delyuviy yotqiziqlari bilan qoplangan. Yon bagʻirlarini quruq soylar kuchli parchalagan. Soylar etaklarida kichik yoyilma konuslar hosil boʻlgan. Tizma tektonik antiklinal struktura, paleozoy davri slanes, qumtosh, granit, diorit, yon bagʻirlarining quyi qismida boʻr, paleogen davrlari konglomerat, mergel, gillaridan tashkil topgan. q. Turon plitasining gersin burmalanishi davrida shakllanib, yer yuzasiga chiqib qolgan va yangi tektonik harakatlar taʼsirida koʻtarilgan qismidir. Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq, yozi issiq, yogʻin kam. Yon bagʻirlari va etaklarida sur-qoʻngʻir, qumli tuproqlar tarqalgan. Ularda, asosan, saksovul, shuvoq, teresken, boyalich va b. oʻsimliklar oʻsadi. Hududidan yaylov sifatida foydalaniladi.