QOZONLIQ DAXMASI

QOZONLIQ DAXMASI — Bolgariyadagi qad. meʼmoriy yodgorlik (mil. av. 4-a. oxiri — 3-a. boshi); Qozonliq sh. yaqinidagi qoʻrgʻon osti dafn inshooti. 1944-y. da yer ostidan topilgan. Inshoot gʻisht va toshdan qurilgan; daxma aylana tarhli, konus shaklidagi gumbazli va qisqa yoʻlakdan iborat. Yunon-frakiylar sanʼatining nodir namunasidir. Gumbaz osti aylana tarzida ishlangan devoriy rasmlar bilan qoplangan; unda maishiy (motam marosimlari) va harbiy (aravalar poygasi va b.) lavhalar tasvirlangan. Ular naqshli hoshiya belbogʻ bilan 2 yarusga ajratilgan. Rasmlar vazmin va mutanosib kompozitsiyasi, harakatlarning tabiiyligi bilan ajralib turadi. sokin, ulugʻvor motam muhiti mayin hamda qatʼiy kolorit bilan uygʻun. Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.