QOZON XONLIGI

QOZON XONLIGI — Oltin Oʻrda inqirozidan soʻng Oʻrta Volga boʻyi — Volga-Kama Bulgʻoriyasi hududida tashkil topgan davlat (1438—1552). Qozon xonlari sulolasiga Ulugʻ Muhammad (1438— 45) asos solgan. Markazi — Qozon sh. Q. x. aholisi Qozon tatarlari (Volga bulgʻorlarining avlodlari), mari, chuvash, udmurd, mordva va boshqirdlardan iborat boʻlgan. Ular, asosan, dehqonchilik bilan shugʻullangan.

Shaharlarida hunarmandchilik rivojlangan. Qozon xonligi Rus davlati, Sibir, Kavkaz va Sharq davlatlari bilan savdo aloqalari olib borgan. Hokimiyatni yirik zodagonlar kengashi(devon) maslahati bilan xon boshqargan. Shirin, bahrin, argʻin, qipchoq urugʻ vakillari — qarachlar, zodagonlarning oliy tabaqasini tashkil etgan. Bulardan keyingi oʻrinda sultonlar va amirlar, mirzalar, ulanlar va askarlar turgan. Musulmon ruhoniylar katta hurmatga sazovor boʻlganlar. Aholining asosiy qismini qora xalq» tashkil etgan.

Qozon xonligi maʼmuriy jihatdan dorugʻlar (okrug) va uluslarga boʻlingan. Armiyani xonga qarashli gvardiya, alohida zodagon qoʻshinlar va soliq toʻlovchi xalq orasidan chiqqan koʻngillilar tashkil etgan.

Qozon xonligi Rus yeriga tez-tez talonchilik hujumlari uyushtirib turgan, Rus qoʻshinlari esa 1467—69 y. larda Qozon, Vyatka sh. lariga yurish qilgan. 1487-y. gi yurish natijasida Alixon taxtdan agʻdarilib, uning oʻrnini akasi muhammad Ali (Ivan III ning gumashtasi) egallagan. Shu vaqtdan boshlab 1521-y. gacha Qozon xonligi Rossiyaga qaram (vassal) davlat boʻlib qolgan. 1552-y. rus qoʻshinlari Qozonni bosib olgach, Qozon xonligi tugatilgan va Oʻrta Volga boʻyining hammasi Rossiya tarkibiga kiritilgan.