QOZON SOBORI

QOZON SOBORI – SanktPeterburgdagi meʼmoriy yodgorlik (1801 — 11) ; klassitsizm uslubida qurilgan (meʼmori A. N. Voronixin). Yarim aylana shaklidagi bino Neva prospek-tiga qaragan. Markazida 6 ustunli pesh-toq, ulkan gumbazli, 2 yon tomonlari hajmdor ustunlar qatori bilan oʻralgan bino salobatli maydon hosil qilgan. Sobor Neva prospektidagi ansambllar tarkibiga kiradi. Bosh tarzi oldidagi kichik maydon choʻyan panjara bilan oʻralgan. Interyeri ulugʻvor ustunli zal — saroy yechimiga ega; bosh nefning uz. 69 m, umumiy bal. 62 m. Haykaltaroshlik bezaklari I. P. Martos, I. P. Prokofyev, F. F. Shchedrin va b. tomonidan bajarilgan; devoriy rasmlar va ikonalarni yaratishda V. L. Borovikovskiy, A. Ye. Yegorov va b. qatnashgan. Binoga 1812-y. Vatan urushida qoʻlga kiritilgan harbiy oʻljalar (Yevropaning 17 shahar va 8 qalʼ-asi kalitlari, 105 ta bayroq va b.) joylashtirilgan. 1813-y. da soborga M. I. Kutuzov dafn etilgan. 1837-y. sobor oldiga M. I. Kutuzov va M. B. Barklay de Tolli haykallari oʻrna-tilgan (bronza, granit; haykaltarosh B. I. Orlovskiy, meʼmor V. P. Stasov).