QOZON

QOZON — RF dagi shahar, Tatariston Respublikasi poytaxti (1990-y. dan). Volga boʻyining muhim sanoat va madaniy markazlaridan biri. Volga daryosi chap sohilida. Yirik daryo por-ti. T. y. stansiyasi. Avtomobil yoʻllari chorrahasi. Aeroport bor. Aholisi 1105,3 ming kishi (2002). 5 maʼmuriy tumanga boʻlingan.

Qozonga 1-ming yillik oxirida Qozon daryosining oʻrta oqimida bulgʻorlar asos solgan. 1399-y. da Moskva knyazi Yuriy Dmitriyevich qoʻshinlari tomonidan Qozon vayron qilindi va 30 — 40 y. dan soʻng qayta tiklandi. Keyinchalik shahar oʻrnida Kreml qurildi. 15-a. dan Oʻrta Volga boʻyining yirik iqtisodiy va savdo markazi, 1438-y. dan Qozon xonligining poytaxti. 1552-y. da rus podshosi Ivan Grozniy qoʻshinlari tomonidan bosib olingan. 1708-y. dan Qozon gubernyasi markazi. 19-a. da Qozonda sanoat korxonalari paydo boʻla boshladi. 1804-y. da un-t ochildi. q. 1920—90 y. larda Tatariston ASSR poytaxti.

Mashinasozlik (aviasozlik, motor-sozlik, «Teplokontrol», vakuum texnikasi i. ch. birlashmalari; kompressor, elektron-hisoblash texnika mahsulotlari i. ch. va b.) va metallsozlik, kimyo va neft kimyosi («Kazan-orgsintez», «Tasma», kimyo-farmatsevtika korxonalari; sintetik kauchuk, uy-roʻzgʻor kimyosi mahsulotlari va b.), yengil (moʻyna, koʻn-teri mahsulotlari va b.), oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. 11 oliy oʻquv yurti (shu jumladan, un-t, konservatoriya), 6 teatr (opera va balet teatri va b.), 8 muzey (Tatariston Respublikasi, tasviriy sanʼat, M. Gorkiy nomidagi muzeylar va b.) bor. Shaharda meʼmoriy yodgorliklardan Kreml va yodgorliklar majmuasi (16—18-a. lar), shu jumladan, Suyumbeka minorasi (17 — 18-a. boshlari), Petropavlovsk sobori (18-a., hoz. sobor binosi — planetariy), Marjoniy masjidi (18-a.), gubernator saroyi (19-a.), qozon universiteti majmuasi (19-a., klassitsizm uslubida qurilgan) saqlangan. Qozonda shaharning bunyod etilganiga 1000 yil toʻlganligi munosabati bilan bir yoʻla 5 ming kishi namoz oʻqiydigan toʻrt minorali Qul Sharif jome masjidi oʻz oʻrnida qayta tiklandi. Yevropada eng katta boʻlgan bu masjid 1552-y. Ivan Grozniy Qozonni bosib olgan vaqtda butunlay buzib tashlangan edi.

Qozon Kremli YUNESKO tomonidan Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan (2000). 2005-y. Q. ning 1000-y. ligi nishonlandi. Metropoliten ishga tushirildi.