QOZIKALON MADRASASI

QOZIKALON MADRASASI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1905); Ichan qalʼa tarkibida. Juma masjid va Matniyoz Devonbegi madrasasi oraligʻida. Qozikalon Salim Oxun tomonidan qurilgan. Madrasa toʻrtburchak tarhli (32,5 x 23,4 m), peshtoq-gumbazli, darsxona (tarhi 4,7 x 4,7 m), hovli (16,6 x 9,8 m)dan iborat. Bosh peshtogʻining 2 burchagiga guldastalar ishlangan (ular yashil va koʻk koshinlar bilan bezatilgan); peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida masjid va madrasa joylashgan; hovli atrofini balxi gumbazli 1, 2 xonali hujralar egallagan, jan. tomonida qoʻshimcha xonalar ham bor. Peshtoq va devordagi dandanalar rangli koshinlar bilan ziynatlangan; devorning tashqi va ichki tomonining yuqori qismi gorizontal yashil «bandak» qatori bilan hoshiyalangan, devorlariga yassi ravoqlar ishlangan. Peshtoq ravogʻi kitobasida sirkor bitiklar bor.