QOZIASKAR

QOZIASKAR, qozi oʻrdu — 1) musulmon Sharqi mamlakatlarida harbiy xizmatdagilarning qozisi. Xiva xonligida lashkar va qoʻshindagi qonun-qoidalar ustidan nazorat qilib, sharʼiy masalalarni hal qilgan. Baʼzi hollarda iltimosiga muvofiq harbiy boʻlmagan kishilarning ishlarini ham koʻrish uchun qabul qilgan. Xon safarga chiqqanida Qoziaskar unga hamroh boʻlib, oʻz vazifasiga tegishli ishlar boʻyicha xonga shaxsan oʻzi maʼlumot bergan. Qoziaskar rasmiy qabul marosimlarida xonning oʻng tomonida qozikalondan keyin, 2-oʻrinda oʻtirgan;

2) Usmonli turk imperiyasida 14-a. oʻrtalaridan harbiy-sud tabaqasi boshligʻi, sulton devoni aʼzosi. Qoziaskar harbiy ishlar, 15-a. da shayxulislom mansabi joriy etilguncha esa diniy ishlar yuzasidan ham devonga tushgan shikoyat arizalarini koʻrib oʻzining yakuniy qarorini chiqargan. 1481-y. dan 2 ta Qoziaskar boʻlgan: — Rumeli Qoziaskari (saltanatning Yevropa qismi uchun) va Anadolu Qoziaskar i(saltanatning Osiyo va keyinchalik Afrika qismi uchun); Rumeli Qoziaskar rutbasi balandroq boʻlgan. Qoziaskar larga shartli yer (mulkiarpalik) va xazinadan maosh toʻlangan. Sulton Mahmud II ning harbiy islohotlari natijasida (19-a. ning 20—30-y. lari) Q. lar real hokimiyatdan mahrum boʻlishgan, lekin 1922-y. sultonlik barham topguniga qadar oliy diniy martaba sifatida nomigagina mavjud boʻlgan.