QODIROV

QODIROV Gʻafur (1917.1.2 – Toshkent — 1985.12.11) — kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1983). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1945). Toshkent musiqa bilim yurti (1945-59), Toshkent konservatoriyasida pedagog (1959-y. dan), dotsent (1969), Oʻzbekiston Bastakorlari uyushmasi masʼul kotibi (1965 — 71). Simfonik orkestr uchun 2 «Raqs syuitasi», «Balet syuitasi», «Yoshlik uvertyurasi», «Soʻzana» poemasi va b., oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri uchun 4 syuita, «Yoshlar valsi», «Qizlar raqsi» va b. yozgan. Qodirov bolalar musiqasi sohasida samarali ijod qilib «Maktabjonoftobjon», «Biz yosh oʻquvchilar», «Oq oltin» va b. vokal-simfonik asarlar, fortepiano, violonchel, klarnet va b. sozlar uchun turli pyesalar yozgan. Ayniqsa, dilkash ohanglarga boy xor, estrada va bolalar qoʻshiqlari ommalashgan: «Oʻzbekistonim», «Yoshlar marshi», «Mirzachoʻl yor-yori», «Bahor», «Koyinmang, onajon», «Archa qoʻshigʻi» va b.