QODIROV

QODIROV Tavakkal (1926.24.4, Quva tumani — 1996.13.4, Fargʻona) — xonanda (lirik tenor), Oʻzbekiston xalq artisti (1989). Fargʻona musiqa bilim yurti (1961) va Fargʻona ped. inti (1990) ni tugatgan. Dastlab quvalik Tursunboy Karimovdan doira va gʻijjak (skripka) chalishni, «Dugoh», «Segoh» kabi mumtoz cholgʻu kuylarini, Gʻ. va Ye. Hoshimovlardan ashula yoʻllari, («Yolgʻiz», T. Jalilov; «Oʻltirgʻusi», J. Sultonov va b.)ni oʻrgangan. Keyinchalik K. Otaniyozov, J. Sultonovdan oʻzbek mumtoz va zamonaviy bastakorlar ashulalarini oʻzlashtirgan. Quva tumani madaniyat uyida badiiy rahbar (195159), Fargʻona teatri (1959-78), Fargʻona viloyatlararo filarmoniyasida yakkaxon xonanda (1978 — 91), direktor (1978 — 83), Fargʻona un-tida prof. (1991-y. dan). Betakror, shirali, jarangdor va tiniq, nihoyatda keng va yuqori diapazonli ovoz sohibi. 1955-y. dan J. Oxunov bilan hamnafaslik qilgan. repertuaridan Fargʻona-Toshkent musiqa uslubi namunalari («Qoʻqon Ushshogʻi», «Toshkent Irogʻi», «Tanavor», «Nasrulloyi» va b.), Xorazm yoʻllari («Suvora», «Feruz», «Segoh»), zamonaviy bastakorlar («Toʻy muborak», Faxr. Sodiqov; «Bizni tashlab», «Fargʻona tong otguncha», M. Murtazoyev; «Dogʻman», K. Otaniyozov; «Oʻlmasin», J. Sultonov va b.) hamda mumtoz va zamonaviy shoirlar gʻazallariga oʻzi yaratgan («Oʻxshaydiku», Hamza sheʼri; «Shunchamidi», O. Hakimov; «Jamollaringdan», Naqshiy; «Kecha oydin», Mirtemir; «Oʻynasin», Habibiy va b.) ashula va yallalar keng oʻrin olgan. Ijro uslubi baland avjlarni keng ishlatilishi, ravonlik, keng nafas, har bir soʻzini donadona qilib aytishi bilan ajralib turadi. Ijodiga bagʻishlangan 2 telefilm (1963, 1992) va videofilm (1991) suratga olingan. Ijrolari bir necha gramplastinka va Oʻzteleradiokompaniyasi fonotekasiga yozilgan. N. Hamroqulov, N. Haydarov, S. Mannopov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist A. Karimov va b. ga ustozlik qilgan. Fargʻonada sanʼat kolleji hamda koʻchalardan biriga Qodirov nomi berilgan.

Ad.: Mannopov S, Tavakkal Qodirov, Fargʻona, 1994.