QODIROV

QODIROV Pirimqul (1928.25.10. Tojikiston Respublikasi Shahriston tumani Kengkoʻl qishlogʻi) — yozuvchi, adabiyotshunos olim. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1988). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1978). Oʻrta Osiyo un-tining sharqshunoslik f-tini (1951) tugatgan. SSSR Yozuvchilar uyushmasida oʻzbek adabiyoti boʻyicha maslahatchi (1954—63), Oʻzbekiston FA Til va adabiyot in-tida katta ilmiy xodim (1963 — 83), Oʻzbekiston Respublikasi . Adabiyot, sanʼat va meʼmorlik sohasidagi Davlat mukofotlari qoʻmitasi raisi (1989—94).

Dastlabki hikoyasi — «Studentlar» (1951). Shundan keyin Qodirov yoshlar hayoti haqidagi «Uch ildiz» (1958, roman), mustabid tuzum sharoitida ichki erkini yoʻqotgan, mutelik dardiga giriftor boʻlgan qahramonlar hayoti aks etgan «Qadrim» (1961) va «Erk» (1968) qissalarini yozgan. Zamonaviy mavzularga bagʻishlangan bu va b. asarlarida Qodirov 2-jahon urushi yillarida kechgan mashaqqatli hayoti faktlari hamda shu davr haqidagi taassurot va mushohadalaridan samarali foydalangan. Zamonaviy mavzularga bagʻishlangan «Qora koʻzlar» (1966) va «Olmos kamar» (1976) romanlarida Qodirov maʼnaviy-axloqiy masalalar bilan birga voqelikda, xususan, qishloq hayotida mavjud boʻlgan jiddiy muammolarga jamoatchilik eʼtiborini qaratgan.

Shoʻro mafkurasi 70-y. larda tarixiy mavzuning yoritilishiga qattiq qarshilik koʻrsatganiga qaramay, Qodirov Abdulla Qodiriy, Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim anʼanalarini davom ettirib, «Yulduzli tunlar» (1979) romanini yozdi. Yozuvchi bu asarida oʻzbek xalqi tarixining muxim saxifa. tarilan biri – buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur siymosiga murojaat etib, uning murakkab va mashaqqatli hayot yoʻlini tarixan haqqoniy gavdalantirib berdi. Keyinchalik ushbu asarning davomi — «Avlodlar dovoni» (1989) romanini nashr etdi. Qodirov «Yulduzli tunlar» («Bobur») va «Avlodlar dovoni» romanlarida Bobur, Humoyun va Akbarning hayot yoʻlini kuzatish orqali Boburiylar saltanatining vujudga kelishi va ravnaq topishini yorqin tasvirlashga erishgan. U uzoq oʻtmishda va oʻzga mamlakatda roʻy bergan voqealarni tasvirlashda oʻz fantaziyasiga emas, balki oʻzi eʼtirof etganidek, «tarix fantaziyasi»ga, yaʼni chindan sodir boʻlgan voqealarga koʻproq asoslangan har ikkala asar ham keng kitobxonlar tarafidan samimiy kutib olinganiga qaramasdan, shoʻro mafkurasi tomonidan keskin tanqid qilinib, muallif oʻtmishni ideallashtirishda ayblandi.

Paxta yakkahokimligi davrida oʻzbek xalqi boshiga tushgan jabru jafolar oʻzbek adabiyotida ilk bor «Meros» (1974) qissasida oʻz ifodasini topdi. Qodirov shu davrda qissa janrida samarali ijod qilib, bolalar va yoshlar hayotidan olingan «Akramning sarguzashtlari» (1974), «Yayra institutga kirmoqchi» (1979), shuningdek, maʼnaviy-axloqiy masalalarga bagʻishlangan «Najot» («Baxillar va botirlar», 1980) qissalarini ham eʼlon qildi. «Ona lochin nidosi» (2000) romanida 15-a. dagi Movarounnahrning ijtimoiy-madaniy va maʼnaviy hayoti keng aks ettirilgan. Yozuvchi soʻnggi yillarda «Qalb koʻzlari (badialar, oʻylar. esdaliklar)» (2001) kitobini chop etib, shu yoʻnalishdagi yangi badia-(esse)lar ustida ish olib bormoqda.

Qodirov adabiyotshunos olim sifatida oʻzbek tili va adabiyotining ilmiy-nazariy masalalari bilan shugʻullanib, «Til va dil» (1972), «Xalq tili va realistik proza» (1973), «Til va el» (2005) risolalarini hamda 2 j. li «Adabiyot nazariyasi» uchun «Adabiy asarning tili» va «Adabiy jarayon» boblarini yozdi.

Qodirovning «Qadrim» qissasi asosida «Sening izlaring» (rej. R. Botirov) baliiy filmi, «Yulduzli tunlar» romani va «Jon shirin» hikoyasi asosida koʻp seriyali videofilmlar (rej. M. Yusupov) suratga olingan. Uning «Bobur» pyesasi (rej. B. Yoʻldoshev) uzoq yillar mobaynida hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida, «Insof» pyesasi esa viloyat teatrlari sahnalarida qoʻyilgan. Asarlari rus, ukrain, hind, urdu, turk, uygʻur, qozoq, qirgʻiz va turk-man tillarida nashr etilgan.

Oʻzbekiston Oliy Kengashi (Madaniyat va madaniy meros qoʻmitasi raisi; 1991—95), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari; 1997 — 2000) deputati.

Hamza nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti laureati (1981), «Shuhrat» medali (1994) va «El-yurt hurmati» (1998) ordeni bilan mukofotlangan.

As: Saylanma, 1—3-j. lar, T., 1987— 89; Ona lochin nidosi, T., 2001; Qalb koʻzlari, T., 2001; Til va el, T., 2005.

Ad.: Shermuhamedov P., Pirimqul Qodirov, T., 1983; Karimova Yu., Erk jozibasi, Jizzax, 2004.

Naim Karimov.