QODIROV

QODIROV Vohid (1925.10.1 – Toshkent — 1992.5.8) — aktyor, rej. Oʻzbekiston xalq artisti (1980). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan (1948). 1948—92 y. lar Yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan. «Poʻlat qanday toblandi» (A. Ostrovskiy) spektaklidagi Klimka uning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik Mister Tomas (V. Lyubimov, «Oppogʻim»), Chiranchoq quyoncha ( S. Mixalkov, «Chiranchoq quyoncha»), Jurjon hokimi (H. Olimjon, «Oygul bilan Baxtiyor»), Mansur (I. Ahmedov, O. Tolipov, «kim aybdor»), Qovoqvoy, Konfetvoy (P. Moʻmin, «Qovoqvoy va Chanoqvoy», «Suqatoy Konfetvoy»), Sariboy (Gʻ. Gʻulom, «Shum bola»), Ikrom (Alp jamol, «Mehribonlar») kabi turli xarakterdagi rollari bilan tanildi. Qodirov dramatik, komik, satirik va ertak janrlaridagi rollar ustasi sifatida hamda oʻziga xos uslubi bilan tanilgan.

Rej. sifatida «Tayyorga ayyor» (E. Rahimov), «Suqatoy Konfetvoy» (P. Moʻmin), «Mehribonlar» (Alp Jamol) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Qodirov kinoda ham bir qancha rollar: Pardozchi («Maftuningman»), sariboy («Shum bola»), Amaldor («Osiyo ustida boʻron»), Militsioner («Chi-nor ostidagi duel»), Xon («Akmal va ajdaho») va b. ijro etgan. «Otalar soʻzi – aqlning koʻzi», «Televizion miniatyuralar teatri», «Ekran xandasi», «Shunchaki sarguzasht» kabi televizion koʻrsatuvlarning faol ishtirokchisi boʻlgan.