QODIRIYLAR

QODIRIYLAR — tasavvuf tariqati. 13-a. oxirida Iroqda tashkil topgan. Abdulqodir Geloniy (1077— 1166) asos solgan deb hisoblanadi. Abdulqodir Geloniyning oʻzi sufiy boʻlmagan, lekin uning mashhurligidan tasavvufiy bilish yoʻlining gʻoya va tajribalarini ommaga singdirishda foydalanilgan. Qodiriylar shtohida guruhlardan tashkil topgan, qarashlari jihatdan sunniylikka mansub. Qodiriylar tasavvuriga koʻra, tariqat asoschisining tariqatga aʼzoligi davom etaveradi, u tariqat tarafdorlarini vositachi orqali boshqaradi. Qodiriylarda hamma aʼzolar uchun majburiy boʻlgan tasavvuf yoʻli yoʻq. Tariqatni boshqarish anʼana boʻyicha nasldan naslga oʻtadi. Qodiriylarning ijtimoiy tarkibi har xil boʻlgan. Ular jamoa boʻlib (samo, xadra, layliyo), ovoz chiqarmasdan alohida holda (zikri xafiy) hamda baland ovozda (zikri jahriy) umumiy zikr tushishgan. Tariqat aʼzolari boshlariga kigiz telpakcha kiyib yurgan. Telpakchada Qodiriylarning timsoli — uch qator gulbargli yashil gul bor. Abdulqodir Geloniy sharafiga har yili boʻladigan tantanalar — ularning asosiy bayramidir. Abdulqodir qabri ustiga madrasa, rabot, masjid qurilgan boʻlib, Bagʻdodning asosiy qadamjolaridan biri hisoblanadi. Hoz. vaqtda Sharqiy va Shim. Afrikada, Sudan, Iroq va Pokistonda Qodiriylarning mavqei kuchli (Iroq va Pokistondagi Qodiriylar guruhi Bagʻdoddagi maskanni tariqatning markazi deb eʼtirof etadi).