PALEOVULKANOLOGIYA

PALEOVULKANOLOGIYA (paleo… va vulkanologiya) — oʻtmish geologik davrlar vulkanik jarayonlarini oʻrganadigan fan, geologiyaning tarmogʻi. Qad. vulkanlar hosil qilgan qurilmalar (lava, piroklast), ularni tarkibi va joylashish qonuniyatlarini oʻrganadi. Qad. vulkanlar haqida maʼlumot antik davr olimlaridan Pifagor, Strabon va oʻrta asrlarda Majioli, Guk va b. ning asarlarida uchraydi. Qad. vulkanlarning tuzilishini urganishda strukturaviy, fatsial tahlil usullari qoʻllaniladi. Qad. vulkanik jinslar tarkibi zamonaviy optik, kimyoviy va b. usullar yordamida aniklanadi. Paleovulkanologiya izlanishlar koʻp amaliy muammolarni hal qilishda muhim omil boʻladi, mas, mis, oltin, kumush va b. foydali qazilmalarni izlashda.