PALANGA

PALANGA (1917-y. gacha rasmiy nomi Palangen) — Litvadagi shahar. Dengiz sohilidagi iqlimiy-balneologik kurort. Boltiq dengizi boʻyida, Klaypeda sh. dan 25 km shim. da, Klaypeda — Shyaulyay yoʻnalishidagi Kretinga t. y. stansiyasidan 12 km masofada joylashgan. Aholisi 18 ming kishi (2001). Yozi moʻtadil iliq (iyulning oʻrtacha t-rasi 17° chamasida), qishi yumshoq (yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 3°), yiliga 640 mm yogʻin tushadi. Kahraboga ishlov beruvchi korxonalar bor. Sanatoriy, suv-balchiq bilan davolash shifoxonasi, dam olish uylari va pansionatlar ishlab turibdi. Kahrabo muzeyi (19 – a. saroyida) faoliyat koʻrsatadi. Palanga 1161-y. dan maʼlum.