PALAK

PALAK — qoʻlda yoki mashinada kashta tikib tayyorlanadigan badiiy buyum. Xonani bezatish uchun devorga osiladi. Ip-gazlama (oʻtmishda oq yoki malla boʻz) ga bosma va b. chokda kashta tikiladi. Toʻlin oyli osmon aks ettiriladigan naqsh mujassamoti osmon, oy va yulduzlarni ifodalovchi ramziy shakllar (doyra va yulduzlar)dan iborat. Gullarning yirikligi va zamini ham kashta bilan quyuq qoplab tikilishiga koʻra soʻzanadan farq qiladi. Tasvirdagi oy soniga qarab 6 oyli, 12 oyli va boshqa Palak xillari mavjud. Palakning rangi, jilosi, mujassamoti, badiiyligi chevarning mahorati va didiga bogʻliq.

20-a. 60-y. lardan mashina kashtadoʻzligi keng tarqalishi bilan kashtasi mashinada tikib tayyorlangan Palaklar i. ch. yoʻlga qoʻyildi (q. Popopchilik). Turli xil rangdor matolar i. ch. ning yoʻlga qoʻyilishi kashta zaminida mato rangini saqlab qolishni taqozo etdi. Shuning uchun Palak oʻrnini soʻzana egallay boshladi. Toshkent, Fargʻona, Surxondaryo va b. joylarda yaratilgan Palakning ajoyib namunalari Oʻzbekiston va xorij muzeylarida saqlanadi.