PAK Vera Borisovna

PAK Vera Borisovna (1938.13.11, Qoʻngʻirot sh.) — ilgʻor oʻqituvchi, Oʻzbekiston Qahramoni (2001). Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi (1992). Qoraqalpogʻiston ped. in-tini tugatgan (1961). 1961 — 85 y. larda Xiva sh. dagi 3-maktabda kimyo-biol. oʻqituvchisi, sinfdan tashqari ishlar tashkilotchisi, Xiva sh. xalq maorifi boʻlimi mehnat taʼlimi yoʻriqchisi, 1985-y. dan 20-mehribonlik uyi direktori. Pak mehribonlik uyida turli millat vakillaridan iborat 140 nafar ota-ona tarbiyasidan chetda qolgan oʻgʻil-qizni tarbiyalab, hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berib kelmoqda. Pak mehribonlik uyida turli uchrashuv va tadbirlar, bolalar jamoasining koʻrik tanlovlari va sport musobaqalarini oʻtkazib keladi. Mehribonlik uyida 1985-y. dan «Shodlik» ansambli faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Pak rahbarlik qilib turgan muassasa Oʻzbekistondagi namunali mehribonlik uylaridan hisoblanadi.