PAYZA

PAYZA, yapon tarigʻi (Echin-ochloa) — boshoqdoshlar oilasining kurmaklar turkumiga mansub bir yillik boshoqli don va yem-xashak ekini. Xindiston, Xitoy, Koreya, Yaponiyada qadimdan yetishtiriladi. Donidan yorma, spirt olinadi, choʻchqa va parrandalarga yem sifatida ishlatiladi. Koʻk poyasidan silos bostiriladi va pichan tayyorlanadi. 100 kg koʻk poyasida 12,5 ozuqa birligi va 1,6 kg hazm boʻladigan protein (100 kg pichanida tegishlicha 60,5 va 6,9; donida 92,7 va 10,5) bor. Chorva mollari uchun yaxshi ozuqa.

Namsevar va dalaning begona oʻtlardan tozaligiga talabchan oʻsimlik. Qulay sharoitda yozda 2—4-martagacha oʻrib olish mumkin. Yem-xashak uchun kech bahorda qatorlab, oddiy usulda (urugʻ ekish normasi 12—15 kg/ga), don uchun keng qatorlab (urugʻ ekish normasi 5 — 6 kg/ ga) ekiladi. Koʻk ozuqa uchun roʻvaklanish vaqtida, don uchun roʻvaklari sargʻayganda oʻriladi. Hosildorligi koʻk poya boʻyicha 140—400 s/ga, pichan boʻyicha 20—40 s/ga.