PAYZA

PAYZA, paydza (xitoycha-moʻgʻulcha) — yorliq. Chingizxon Yasyasiga binoan joriy etilgan, oltin, kumush, choʻyan, jez hamda yogʻoch taxtachalarga bitilgan, moʻgʻul xonlari tomonidan moʻgʻullar hukmronligiga tobe mamlakatlarga tayinlangan noiblar, shuningdek, chopar va elchilarga, ularning lavozimlariga qarab beriladigan yorliq, buyruq. Noiblarga hamda elchilarga beriladigan oltin P. ga xonning buyruklari yozilgan va ular noib yoki elchiga cheksiz vakolat huquqini bergan. Payza egasi istagan narsani talab qilishga haqli boʻlgan, uning talabi soʻzsiz bajarilgan. Maqalliy hukumat vakillari Payza bor maʼmurga ot, yoʻl koʻrsatuvchi kishi, oziq-ovqat va b. xizmatlarni koʻrsatishga masʼul boʻlganlar. Payzaning darajasiga qarab unga qush yoki hayvon rasmi solingan. Eng oliy darajali Payza yuziga yoʻlbars surati tushirilgan. Bu turdagi Payza hukmronlik va daxlsizlik belgisi boʻlib xizmat qilgan. Payzaga ega shaxslar talanish yoki jazolanishdan mustasno edilar.