PAYARIQ

PAYARIQ (1991-y. gacha Narimonovka posyolkasi) — Samarqand viloyati Payariq tumanidagn shahar (1991-y. dan), tuman markazi. Nurota togʻlari yon bagʻrida joylashgan. Oʻrtacha 610 m balandlikda.. Yaqin t. y. stansiyasi — Ulugʻbek (40 km). Viloyat markazi (Samarqand)gacha —43 km. Aholisi 11,5 ming kishi (2003).

Payariq oʻrnida 1880-y. larda Rossiyadan koʻchib kelib oʻrnashib olganlarning qishlogʻi boʻlgan va dastlab Fedorovka, Katalas deb atalgan. Payariq nomi tuman hududidan oʻtgan «Pay» arigʻi nomidan olingan. Payariqda tuman hokimiyati binosi, maʼmuriy va davlat idoralari, i. ch. korxonalari, avtokorxona, MTP, bozor, 3 umumiy taʼlim maktabi, q. x. kasb-hunar kolleji, madaniyat uyi, markaziy kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi bor. Markaziy kasalxona, tez tibbiy yordam boʻlimi, poliklinika, 4 dorixona, optika doʻkoni mavjud.