PAGANINI

PAGANINI (Paganini) Nik kolo (1782.27.10, Genuya – 1840.27.5, Nissa) — italyan sozandasi (skripka, gitara) va kompozitor. 1797-y. dan boshlab Italiyada, 1828-y. dan Yevropaning koʻp mamlakatlarida mukammal mahoratini namoyish qilib, tarixda eng mashhur virtuozlardan biri sifatida nom qoldirgan. Paganini yangi, murakkab ijro usullarini qoʻllab, zamonaviy skripka ijrochiligi asoslarini yaratdi, shuningdek, 19-a. pianino ijrochiligi hamda cholgʻulashtirish sanʼatlari rivojiga taʼsir oʻtkazdi. Paganini sozanda va kompozitor sifatida musiqiy romantizm asoschilaridan. Skripka uchun 24 ta kaprichchio, skripka va orkestr uchun 1 – va 2 – konsertlari (jami 5 ta), shuningdek, sonatalari (ayniqsa, skripka va gitara uchun), yakka gitara (jami 200 ga yaqin) va b. sozlarga moʻljallangan pyesalari, kamer ansambllari, opera, balet va xalq kuylariga yaratgan variatsiyalari kuylarining ravonligi va kuychanligi, garmonik rivoji oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. 1954-y. dan Genuyada har yili Paganini nomidagi xalqaro skripkachilar tanlovi oʻtkaziladi.