LOBNOR

LOBNOR, Qoraqoʻshun — Xitoyning gʻarbiy qismidagi oqmas koʻl. Tarim tekisligining sharqida, 780 m balandlikda joylashgan. Koʻlga Koʻnchi-daryo va Tarim daryolari quyiladi. Ulardan keladigan suvning miqdoriga qarab Lobnorning oʻrni, maydoni va shoʻrligi oʻzgarib turadi. Suv koʻpayganda mayd. 3 ming km2 (9 — 10-a. larda 14 ming km2 ga yetgan), uz. 100 km, oʻrtacha chuq. 1 m. Koʻlning sohillari shoʻrxok va botqoqlashgan. Noyab. dan martgacha koʻp qismi tubigacha muzlaydi. Baʼzi yillari Tarim daryosi jan. ga burilib, Cherchen daryosi bilan qoʻshiladi va Lobnordan 100—150 km jan.-gʻarbdagi Qoraqoʻshun koʻliga quyiladi. Bunday vaqtlarda Lobnor qurib qoladi. Lobnorni oʻrganish Markaziy Osiyodagi oʻzani va oʻrni vaqt-vaqti bilan siljib turuvchi daryo va koʻllar muammosini hal qilishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan.