LAB BICHILISHI

LAB BICHILISHI, angulit — ogʻiz burchaklarida paydo boʻladigan yoriqlar va yassi qavariqlar. Infeksion kasallik, bunda ogʻiz burchagining shilliq qavati va terisi zararlanadi. Organizmda V2 vitamin yetishmasligi, milk kasalliklari, nordon va achchiq ovqatlarni muntazam isteʼmol qilish, koʻp soʻlak ajralishi, ogʻiz boʻshligʻini yaxshi parvarish qilmaslik va b. sabab boʻladi. Stafilokokklar, streptokokklar, ayrim takomillashmagan zamburugʻlar (q. Bakteriyalar) qoʻzgʻatadi. Koʻpincha, labini yalab yurishga oʻrganib qolgan bolalar va oʻsmirlar, shuningdek, yasama tish qoʻydirganlarda uchraydi. Lab burchaklaridagi teri va shilliq qavat namlanib qizaradi, keyin sariq qoʻtir bilan qoplanib, yoriladi va ogʻriydi. Zamburugʻlar qoʻzgʻatgan boʻlsa, kasallik ogʻiz boʻshligʻi shilliq pardasiga oʻtishi mumkin (q. Kandidoz). Davoni vrach tayinlaydi. Surunkali Lab bichilishi organizda vitamin yetishmasa, uzoq davom etadi, shunga qaramay toʻgʻri davo qilinsa, butunlay tuzalib ketadi. Lab bichilishining oldini olishda toʻgʻri ovqatlanish, servitamin mahsulotlarni muntazam isteʼmol qilib turish, shuningdek, ogʻiz boʻshligʻi va tishlarni doimo toʻgʻri parvarish qilish muhim ahamiyatga ega (q. Tish).