LABIHOVUZ ANSAMBLI — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (17-a.). Dastlab bozor maydoni boʻlgan. Maydon oʻrtasida katta qovuz qazilib (1620-y.) atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, xarsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan. Shagʻal va tuproq b-n toʻldirilib shibbalangan. Hovuz eni 36 m., boʻyi 45,5 m., chuq. 5 m. Uning gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shim. da Koʻkaldosh madrasasi va Ernazar elchi madrasasi ( saqlanmagan) qad koʻtargan. Hoz. hovuz atrofiga chinorlar ekilib, choyxona qurilgan. Yodgorliklar taʼmirlangan.