LABILLIK

LABILLIK (lot. labilis — sirpanuvchan, beqaror) (fiziologiyada) — nerv va muskul toʻqimalarining funksional harakatchanligi; bunda toʻqima taʼsirlanish ritmida eng katta chastota bilan qoʻzgʻaladi (q. Koʻzgʻalish). Bu taʼlimotni fanga rus fiziologi N. Ye. Vvedenskiy kiritgan (1892). Uning taklifiga binoan, qoʻzgʻaluvchi toʻqimaga 1 sek. da beriladigan eng koʻp taʼsirotga toʻqimaning oʻshancha mikdorda harakat potensiallari bilan bergan javob reaksiyasi Labillik oʻlchovi qilib olinadi. Labillik toʻqimaning faoliyati jarayonida ortib-kamayib turishi mumkin, bu taʼsirotning kuchi va chastotasiga, neyro-gumoral taʼsirlarga (q. Neyro-gumoral regulyatsiya) bogʻliq. Yoʻgʻon nerv tolalari eng katta Labillikka ega, ular 1 sek. da 500—600 impuls oʻtkazadi. Toʻqimalarning funksional holatini aniqlashda, shuningdek, mehnat va sport fiziologiyasida Labillik muhim ahamiyat kasb etadi.

Biol. va tibbiyotda L«.» harakatchanlikni, beqarorlikni (masalan, kishilarning ruhiyati, fiziologik holatini), yaʼni organizmning tashqi va ichki omillarga nisbatan oʻzgaruvchanligini anglatadi.