LIXTENSHTEYN

LIXTENSHTEYN (Liechtenstein), Lixtenshteyn Knyazligi (Furstentum Liechtenstein) — Markaziy Yevropadagi davlat (knyazlik). Reyn daryosining oʻng sohilida, Avstriya bilan Shveysariya orasida joylashgan. Mayd. 160 km2, aholisi 32,5 ming kishi (2001); koʻpchiligi lixtenshteynliklar (asli avstriyaliklar va shveysariyalik nemislar). Davlat tili — nemis tili. Hukmron dini — katolitsizm. Poytaxti — Vadus sh. Yirik shaharlari: Shan, Balsers, Trizen. Lixtenshteyn hududi maʼmuriy jihatdan 11 jamoaga boʻlinadi. Davlat tuzumi. Lixtenshteyn — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1921-y. 5 okt. da kuchga kirgan (1938, 1939, 1965 va 1990-y. da oʻzgartirishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi — knyaz (1990-y. dan knyaz Xans Adam II fon Lixtenshteyn). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni knyaz va bir palatali parlament (landtag), ijroiya hokimiyatni hukumat — bosh vazir, uning oʻrinbosari va 3 aʼzo amalga oshiradi.

Tabiati. Lixtenshteyn hududining koʻp qismini Alp togʻlarining tarmoqlari egallagan. Gʻarbida Reyn vodiysi joylashgan. Iqlimi moʻtadil, yillik yogʻin — 700—1200 mm. Hududining 1/4 qismi oʻrmon, asosan, qoraqaragʻay, qora qayin, eman oʻsadi. Togʻlarda subalp va alp oʻtlokdari bor.

Tarixi. Lixtenshteyn hududi rimliklar davrida Retsiya viloyatiga kirgan (mil. av. 15-y. dan). Ilk oʻrta asrda Shvabiya gersogligining bir qismi. Keyinchalik bu yerda Vadus grafligi (1342) va «Muqaddas Rim imperiyasi» tarkibidagi Shellenburg oʻlkasi tashkil topdi. 1699—1712-y. larda bu oʻlkani Avstriya knyazi Lixtenshteyn sotib oldi. 1719-y. Vadus bilan Shellenberg birlashib, Lixtenshteyn knyazligi vujudga keldi. 1806-y. L. Reyn ittifoqi, 1815 — 66 y. larda Germaniya ittifoqi tarkibida. 1921-y. dan Lixtenshteyn rasmiy jihatdan mustaqil davlat, amalda esa 1923-y. da tuzilgan bojxona ittifoqiga koʻra, Shveysariya ichki iqtisodiy mintaqasi hisoblanadi. Lixtenshteynning chet ellardagi diplomatiya va konsullik manfaatlarini Shveysariya himoya qiladi.

Lixtenshteyn — 1990-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 14 fev. — knyaz tugʻilgan kun (1945).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Taraqqiyparvar byurgerlar partiyasi, 1918-y. tashkil topgan; Vatandoshlar ittifoqi, 1936-y. da tuzilgan; Erkin roʻyxat, ekologiya partiyasi, 1985-y. da asos solingan. Mehnat-kashlar ittifoqi kasaba uyushmasi, 1936-y. da tuzilgan.

Xoʻjaligi. Lixtenshteyn — industrial-agrar mamlakat. Mehnatga yaroqli aholining 45,2% sanoatda, 45% xizmat koʻrsatish tarmogʻida band. Metallsozlik, priborsozlik, mashinasozlik (press va shtamplash uskunalari, hisoblash va aniq mashinalar, yuksak vakuumli texnika), kimyo-farmatsevtika, toʻqimachilik, oziqovqat, yogʻochsozlik, kulolchilik korxonalari, chinnidan yasama tosh tayyorlash f-kasi, elektr st-yalari bor. Yiliga oʻrtacha 153 mln. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Elektron texnika, mikroprotsessorlar i. ch., ay-niqsa, rivojlangan. Sanoat mahsulotining koʻp qismi eksport qilinadi. Q. x. da mehnatga layoqatli aholining atigi 2% band. Chorvachilik, ayniqsa, sut-goʻsht yetishtirish (q. x. mahsulotining 75%) ustun. Sabzavotchilik, bogʻdorchilik, tokchilikdan yuqori hosil olinadi. Avstriyadan Shveysariyaga boradigan t. y. va avtomobil yoʻllari Lixtenshteyn orqali oʻtadi. Lixtenshteyn — xalqaro moliya markazlaridan biri. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Shveysariya franki.

Madaniyati. 6 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻqishi majburiy. Oʻqish muddati — boshlangʻich maktabda 5, toʻliq-siz oʻrta maktabda 3, toʻliq oʻrta maktab (gimnaziya) da 5 y. Gimnaziyada oʻqishni davom ettirmaydigan bolalar 8 y. lik xalq maktabida oʻqishga majbur. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Oliy maʼlumot olmoqchi boʻlganlar chet ellarga, asosan, Avstriya, Germaniya va Shveysariyaga borib oʻqiydi. Vadus sh. da kechki texnikum, musiqa maktabi, Davlat muzeyi bor. «Lixtenshteyner faterland» («Lixtenshteyn vatani», 1913-y. dan) va «Lixtenshteyner folsblat» («Lixtenshteyn xalq varaqasi», 1878-y. dan) gaz. lari nashr etiladi. Press-und informationsamt hukumat matbuot va axborot agentligi (1962) va Lixtenshteyn radiosi (1995) faoliyat koʻrsatadi. Lixtenshteyn hududida bir qancha meʼmoriy yodgorliklar: Vadus, Balsers va Nendeln atroflarida Rim istehkomlarining qoldiqlari, oʻrta asr qasrlarining vayronalari saqlanib qolgan. Vadus va Gutenberg qasrlari, Eshendagi cherkov, Trizen va Trizenbergdagi ibodatxonachalar qayta tiklangan.