LIXENOLOGIYA

LIXENOLOGIYA (yun. Ieichen – lishaynik va… logiya) , lishaynikshunoslik — lishayniklar toʻgʻrisidagi fan, botanikaning bir boʻlimi. Lishayniklar haqidagi dastlabki maʼlumotlar Teofrast (mil. av. 4-3-a. lar) asarlarida uchraydi. 18-a. oxirigacha lixenologik ishlar, asosan, floristik tarzda boʻlgan. Shved botanigi E. Axarius (1757—1819) Lixenologiyaga asos solgan. 19-a. ning 20-y. larida nemis botaniklari G. Meyer va F. Valtrotning lishayniklarning anatomik tuzilishi, oziqlanishi va koʻpayishi toʻgʻrisidagi ishlari eʼlon qilindi. Nemis botanigi S. Shvendener 1867— 69 y. larda lishaynik — zamburugʻ va suvoʻtlardan iborat murakkab organizm ekanligini isbotladi. Oʻzbekistonda lishayniklarning bir nechta turi uchraydi. Lekin ular hali yaxshi oʻrganilgan emas.