LINOGRAVYURA

LINOGRAVYURA (linoleum va gravyura) — linoleumga boʻrttirib ishlangan gravyura (ksilografiya usuliga oʻxshash). 20-a. boshlarida yuzaga keldi. Badiiy ifodaning aniqligi, tasvir bajarilayotgan materialning yumshoqligi tufayli oq va kora rangning keskin kontrastligiga, chiziqlarning aniq va ifodaliligiga erishilishi, tezkor ishlanish imkoniyati, katta hajmdagi qogʻozlardan foydalanish mumkinligi, tirajining koʻpligi kabi badiiy xususiyatlari bilan bosma grafikada keng oʻrin egalladi. Rangli bosmada koʻp qoʻllaniladi. Ksilografiyaga uslub jihatdan yaqin boʻlsa ham mustaqil rivojlandi. 20-a. oʻrtalarida bir necha Linogravyura maktablari shakllandi. Lotin Amerikasi («Xalq grafikasi ustaxonasi», Meksika; «Gravyura doʻstlari klubi», Braziliya va b.), AQSH, Fransiya, Daniya, Rossiyada keng taraqqiy etdi.

Oʻzbekistonda rassomlardan G. Chiganov, K. Basharov, A. Siglinsev, V. Parshin va b. birinchilardan boʻlib Linogravyuraga murojaat qildilar. Dastgoh rasmlari va kitob bezaklarida Linogravyura usulidan keng foydalaniladi.