LIZING (ing. lease foydalanish) — mashina, asbob-uskuna, transport vositalari, i. ch. inshootlarini uzoq muddatli ijaraga olish; uzoq muddatli foydalaniladigan tovarlar eksportini kreditlashning shakllaridan biri. Lizingning, asosan, moliyaviy va oddiy turi bor. Moliyaviy Lizing — muayyan muddatga ijaraga beruvchining kapital xarajatlarini toʻliq qoplashga yetarli toʻlovlardan iborat boʻlib, mulk egasiga bir mikdor foyda ham beradi. Oddiy Lizing — ijara davrida ijaraga olingan mulk qisman amortizatsiyalanadi. Lizing kompaniyasi asbob-uskunalar sotib olib, ularni ijarachi firmaga, odatda 1 yildan 10—15 yilgacha ijaraga beradi. Lizingda ijarachining shartnoma muddati tugagandan soʻng asbob-uskunlarni qoldiq qiymati boʻyicha sotib olish (bu holda egalik huquqi yangi sohibga oʻtadi); yangi kelishuv asosida shartnoma muddatini choʻzish; moddiy boyliklarni Lizing kompaniyalariga qaytarish va b. koʻzda tutilishi mumkin. Tomonlar Lizing shartnomasida koʻrsatilgan davr mobaynida uni buzishga haqi yoʻq. Lizing kompaniyalari mashina va usku-nalar sotib olish uchun shaxsiy va qarzga olingan mablagʻlardan foydalanadilar. Davlat, odatda, ularga bankdan qarz olishlari uchun imtiyozli sharoitlar yaratib beradi.
Lizing investitsiya jaryonini moliyaviy taʼminlashda istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi. Lizing korxonaga nisbatan kam mablagʻ bilan asosiy fondlarni yangilash, yangi mahsulotlar i. ch. da texnika bazasini yaratish, mulk ijarasi haqini ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan tushgan daromad hisobidan asta-sekin toʻlash imkoniyatlarini yaratadi.
Oʻzbekistonda birinchi Lizing kompaniyalari 1994-y. dan boshlab tashkil etila boshladi. 2003-y. da 6 ta Lizing kompaniyasi ishladi. Oʻzbekiston Respublikasida Lizing munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining 1999-y. 14 apr. da kabul qilingan «Lizing toʻgrisida»gi qonuni bilan tartibga solinadi. Lizing boʻyicha amaliy ishlarni olib boradigan «Oʻzbeklizing Interneyshnl» (1995), «Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing» aksiyadorlik kompaniyalari respublikadagi yirik Lizing kompaniyalari hisoblanadi.
Qodirjon Yusupov.