LIBOS

LIBOS, kostyum (ital. costume — odat) — teatrda — spektaklni bezashning muhim vositalaridan biri. Rej. ning umumiy gʻoyasi asosida yaratilayotgan sahna obrazini xarakterlashda aktyorga kiydiriladigan kiyim, poyabzal, bosh kiyim, zeb-ziynat va b. L. tanlashda qahramonning xarakteri, jamiyatda tutgan mavqei va yoshi oʻz ak-sini topadi, obrazning psixologik va ijtimoiy mohiyatini ochishda asosiy oʻrin tutadi. Grim va soch turmagi Libosni toʻldiradi. Libos teatr rassomi ijodining mustaqil sohasi boʻlib, unda rassom oʻtkir ijtimoiy, tarixiy, satirik, grotesk, fojiaviy, ertak va b. obrazlar dunyosini tasvirlaydi. Libos qad. marosim va oʻyinlarda, qad va oʻrta asr teatri, Sharq mumtoz tomoshalarida ham keng qoʻllanilgan. Teatr taraqqiyotining dastlabki koʻrinishlarida va keyinchalik Libos shartli xarakterda yoki oʻsha davrga mos zamonaviy kiyimni takrorlagan. Teatr Libosi sohasidagi gʻoyalar J. Molyer, D. Garrik, M. Volter, M. Salle, E. Zolya, A. Antuan kabi sanʼatkorlar, Meyningen teatri faoliyatida namoyon boʻldi va rivojlandi. Oʻzbek teatrida L. Abdullayeva, T. Brim, N. Valdenberg, X..Ikromov, B. Kim, M. Musayev, T. Shorahimov, Sh. Shorahimov va b. mashhur Libos ustalaridir.

Kinoda Libos yaratishda yirik kurinishda beriladigan mayda detallarni tomoshabinga yetkazishda ssenariy hamda kinotasmaning oʻziga xos tomonlarini xisobga olish talab etiladi. Libos orqali filmning janri, davr va yoʻnalishi aniklanadi. Film L. ini yaratishda rassomdan tarix ilmiga ega boʻlishi, ekran orqali tomoshabinga yetkaziladigan mazmun (ifodalilik)ga alohida eʼtibor berishi, ijodiy fantaziya va did, kiyim modelini tuzish sanʼatini mukammal egallashi va b. talab etiladi.

Mohina Ashirova.